Sayt test rejimida ishlamoqda
« Yong'in xavfsizligini
ta'minlash - eng ustuvor vazifa! »
DYXX tarixi

Oʻzbekiston Respublikasida Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatini tashkil etish va rivojlantirish

 

T A R I X I

Islom dini Oʻrta Osiyoga kirib kelgunga qadar odamlar Zardushtiy diniga, yaʼni uning asosi boʻlmish olovga sigʻinganliklari tarixdan maʼlum. Qadimda Oʻrta Osiyodagi el-elatlar uchun olov bemisl kuch-qudratga ega boʻlgan va barcha marosimlar uning atrofida oʻtkazilib kelingan. Ular olov hammasiga qodir va uning oldida barcha narsa ojiz, borliqdagi voqea-hodisalar u bilan bogʻliq deb oʻylashgan. Inson aqlu idroki, tafakkuri olov oldida ojiz boʻlganligi bois ham unga qarshi hech kim chora koʻrolmagan. Davrlar oʻtishi va odamlarning borliqqa ongli munosabatda shakllanishi vujudga kela boshlashi bilan olovga nisbatan munosabatlar ham oʻzgara boshladi. Bu munosabatlar ayniqsa, Oʻrta Osiyoda Islom dini joriy etila boshlangan davrlarda keskin oʻzgardi. Olovda hech qanday ilohiy qudrat yoʻqligini bilgan kishilik jamiyati unga sigʻinishdan qolib, roʻzgʻor ishlarida foydalana boshladilar. Afsuski, vaqti kelib odamzot olovdan yovuz maqsadlarda ham foydalana boshladi. Olov yovuz niyatli kishilarning himoya vositasigina emas, hujum qilish, oʻldirish vositasi ham boʻlgan. Bunga tarix shohidlik beradi.

XII asr oxirlari XIII asr boshlarida dunyoni zabt etish maqsadlarida ulkan qoʻshin tuzib, barcha mamlakatlar, xalqlar qatori Oʻrta Osiyoga bostirib kirgan Chingizxon shaharlaru qishloqlar, qalʼalarga hujum paytida olovli paykonlardan keng foydalangan, bosib olingan joylarga oʻt qoʻydirib, aholisini qilichdan oʻtkazishga buyruq bergan. Uning qoʻp sonli tish-tirnogʻigacha qurollangan qoʻshini 1220 yilning bahorida Buxoro shahri ustiga yurish qilib, uni 12 kecha-yu kunduz qamal qilgan, yondirib, kulini koʻkka sovurgan, shahar mudofaachilarini esa ayovsiz qilichdan oʻtkazgan. Tirik qolganlarini esa peshanasiga qullik tamgʻasini bosib, olis yurtlarga olib ketgan. Koʻhna Samarqand shahrini egallash uchun olib borilgan janglarda ham olov Chingizxon va uning yovuz qoʻshinlari uchun katta kuch vositasi boʻlib xizmat qilgan. Bunday bosqinchilik yurishlari haqida oʻz davrida muarrixlar tarixiy maʼlumotlar qoldirganlar.

Ular orasida general Chernyayev qoʻmondonligidagi chor qoʻshinlarining 1865 yilning aprel oyida Toshkent ustiga yurish qilganligi haqidagi maʼlumotlar ham borki, bu haqda toʻxtalib oʻtish lozim boʻladi.

1865 yilning 28 aprelida Chernyayev Chirchiq daryosi yaqinidagi Niyozbek qalʼasini jang bilan egallab oldi va Toshkentni suv bilan taʼminlab turgan Anhorni Chirchiq daryosiga burdirib yubordi. Natijada shahar aholisi suvsiz va oziq-ovqatsiz qoldi. Shunda ham shahar mudofaachilari dushmanga taslim boʻlmadi. Ular istilochilarga qarshi mardonavor jang qildilar. Ularga Qoʻqondan yordamga kelgan Alimqul boshliq qoʻshin madad berdi. Afsuski, zamonaviy uzoqqa otuvchi toʻplar va nayzali miltiqlar bilan qurollangan hamda bosqinchilik yurishlarida katta tajriba orttirgan chor askarlari shaharga toʻxtovsiz oʻt ochib, qamish bostirmali uylar, ayvonlar, choyxonalaru mahallalarni yondirib yubora boshlashdi. Bir tarafdan suvsizlik va ochlik, ikkinchi tomondan dushman otgan snaryadlardan alanga koʻtarilib, mudofaachilar kuchlarini qirqa boshladi. 17 iyunda Chernyayev askarlari shaharga bostirib kirib, mudofaachilarni qilichdan oʻtkaza boshladi. Oʻsha janglar paytida xonadonlarda, saroylar va bozorlarda koʻtarilgan yongʻin aholiga katta kulfatlar keltirgan. Chernyayev esa Toshkentni zabt etganligi uchun oq podsho tomonidan mukofotlangan.

Toshkent bosib olingach, 1865 yilda Turkiston viloyati Orenburg general-gubernatorligiga qoʻshib olingan. 1867 yilda esa mustaqil Turkiston general-gubernatorligi tashkil topdi va unga general K.P.Kaufman gubernator etib tayinlandi. Chor Rossiyasining Turkistonga mustamlakachilik siyosati boshlangan edi.

Shubhasiz, oʻsha davrlarda Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati zamirida Oʻrta Osiyo, jumladan, Turkiston zaminidagi moddiy boyliklarga egalik qilish, bu yerda xom ashyo bazasi yaratib, uni oʻz sanoat korxonalariga tashib olib ketishdek maqsadlar yotardi. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun esa Chor hukumati mablagʻni ayamagan. Turkistonning qimmatbaho boyliklarini tashib olib ketish siyosatini hatto Rossiyaning ziyolilari ham tan olishgan. Jumladan, rus yozuvchisi Saltikov-Щyedrin oʻzining “Janob Toshkentliklar” romanida rus kapitalistlarining Turkiston ahliga tegishli mol-mulklarni zoʻravonlik yoʻli bilan talab, olib keta boshlashganligini oshkora bayon etgan edi. Turon zamin aholisi, unga tegishli moddiy-maʼnaviy boyliklarni yongʻinlardan asrash esa general-gubernatorlik, uning tobeligidagi uyezdlar, volostlar boshliqlari ish faoliyatining biror tarmogʻida uchramaydi.

Chor hukumati bosib olingan muzofotlarda, jumladan, Turkiston (hozirgi Oʻzbekiston) hududlarida yongʻinga qarshi jamiyatlar yoki oʻt oʻchiruvchilar guruhlarini tashkil etilishidan xavfsirar, ularga mablagʻ ajratishni davlat uchun ortiqcha xarajat, deb hisoblardi. Qolaversa, Turkiston aholisini, yer-mulklarni yongʻinlardan muhofaza etishni Chorizm oʻz zimmasiga olishni istamasdi. Yanada aniqroq taʼrif shuki, Turkistonning unumdor yerlaridan olinadigan qishloq xoʻjalik mahsulotlari - paxta, gʻalla, bogʻ ekinlari hosillarini, ayniqsa, yer osti qazilma boyliklarini, oltin va kumush kabi qimmatbaho maʼdanlarni Rossiyaga tashib olib ketilishi birinchi galdagi va asosiy vazifa hisoblanardi. Shu maqsadlarda Turkiston general-gubernatorligiga muayyan topshiriq va koʻrsatmalar berilgandi. Qolaversa, 1867 yilda Rossiya harbiy vaziri D.Milyutin va podshoh maslahatchisi V.Girs tomonidan “Turkiston oʻlkasini boshqarish tartibi” haqida qonun loyihasi ishlab chiqilib, Rossiya Vazirlar Kengashida tasdiqlangandi. Ushbu qonun paysalga solinmay amalda joriy etildi. Qonunga koʻra, Turkiston general-gubernatorligi Kengashi va toʻrt boʻlimdan iborat Mahkama tuzildi. Turkiston general-gubernatorligining maʼmuriy markazi Toshkent shahrida oʻsha kezlarda sal kam yuz ming nafarga yaqin aholi yashar, hududda 270 ta mahalla, 310 ta masjid, 17 ta madrasa, 11 ta hammom, 15 ta doʻkonli saroy va inshootlar bor edi. Mahalliy aholi asosan hunarmandchilik, savdo-sotiq hamda bogʻdorchilik bilan shugʻullangan. Shaharning 12 darvozasidan savdo karvonlari Toshkentga, uning asosiy savdo markazi boʻlgan Chorsuga (hozirgi “Eski Juva” dehqon bozori oʻrni) kirib kelgan. Savdo karvonlaridan olingan boj va soliqlar mahalliy xokimlik orqali Chor Rossiyasi gʻaznasiga borib tushgan. Turkistonning unumdor sersuv yerlarida keng paxtazorlar barpo qilish va paxta xom ashyosini tashib olib ketish Chor hukumatining bu oʻlkaga boʻlgan iqtisodiy siyosatining oʻzagini tashkil etgan. Aholining turmush darajasini oshirish, oʻlkada madaniyat, ilm-fanni rivojlantirish va iqtisodiy yuksalish uchun shart-sharoitlar yaratib berish haqida oʻylash Chorizm uchun yot tushunchalar boʻlgani kabi, mavjud bino va inshootlar hamda turar joylarni yongʻin ofatlaridan muhofaza etish Chor maʼmuriyati siyosatiga yot edi. Ammo, har qanday siyosat yongʻin ofati oldida ojiz va shu sababli har qanday davlat va uning boshqaruv idoralari yongʻinlarni oldini olish va sodir boʻlgan yongʻinni bartaraf etish ishiga uzoq vaqt loqayd qarab turolmaydi. Chunki, oʻz iqtisodiy omillari, moddiy boyliklarini asrashni istagan davlat oxir-oqibatda yongʻinlarga qarshi kurashga majbur boʻladi. Turkistonda, uning maʼmuriy markazi Toshkentda ham oʻt oʻchirish jamoa (komanda)larining vujudga kelishi oʻlkada sodir boʻlib turgan yongʻinlar tufayli, bu masalaga esa Chorizmning Turkistondagi maʼmurlari jiddiy qarashga majbur boʻlganlar. Masalan, 1868 yilning 11-16 oktyabrlarida Toshkentning “Qashqar” va “Koʻkcha” mahallalarida, 1893 yil may oyida “Zangiota” mahallasi hamda Beshyogʻoch dahasida, 1879 yilning avgustida Samarqanddagi 7-qorovullik saroyida yongʻin sodir boʻlib, uni oʻchirishning iloji boʻlmagan. Bundan mahalliy aholi jabr tortgan. 1902 yilda Toshkentda sodir boʻlgan yongʻinlardan Chor hukumati 300 ming rubl moddiy zarar koʻrdi. Qayerda yoki kimning xonadoni, yo bino-inshootda sodir boʻlganligidan qatʼiy nazar, oʻt oʻchiruvchilar jamoalari boʻlmaganligi sababli yongʻinlar mahalliy hukumatni tashvishga keltirmay qolmadi. Chor amaldorlari oʻz tasarruflaridagi yerlarda yongʻinlar sodir boʻlishiga befarq qarab turolmasligi ayon boʻlib qolgandi. Chunki, yongʻin ularni tekin daromaddan mahrum etishi mumkin edi. Shunga koʻra, Turkiston general-gubernatorligi ruxsati bilan 1897 yilda Toshkentda ruslardan iborat ilk koʻngilli “Ozod oʻt oʻchirish jamiyati” tashkil etilgan. Uning Nizomi Toshkent shahar Dumasida bir necha marta koʻrib chiqilib, 1897 yil 
15 mayda qabul qilingan. 81 banddan iborat bu Nizomda jamiyatning maqsad va vazifalari, huquq hamda majburiyatlari belgilab berilgan. Jamiyatni moliyalashtirish aʼzolarning oylik badallari hisobidan boʻlgan. Ammo u yongʻinlarni bartaraf etishda yetarlicha samara bermaganligi, Turkistonda yongʻindan saqlash xizmatining takomillashishiga taʼsir koʻrsata olmaganligi tufayli 1908 yilda maʼmurlar tomonidan tarqatib yuborilgandi.

Maxsus oʻt oʻchiruvchilar jamoalari tashkil etilishining oʻziga xos sabablaridan yana biri oʻlkada paxta sanoatini kuchaytirish, zavodlar, ularni mablagʻ bilan taʼminlovchi banklarni tashkil etishga eʼtibor koʻchayganligi, bundan Chor hukumati manfaatdorligi oshganligidir. Turkistonni paxta koniga aylantirish va paxta xom ashyosi bilan ishlovchi korxonalarni koʻpaytirish oʻsha davrga xos boʻlgan muhim siyosatlardan biridir. Shu sababli ham XIX asrning 80-yillar boshidayoq paxtaning mahalliy navlari hosili 3 million pudga yetgan, shuning 700 ming pudi Rossiyaga olib ketilganligi tarixdan maʼlum. 1884 yilda Kaspiy orti temir yoʻli qurilgandan keyin rus korchalonlari paxtaning uzun tolali Amerika navlarini ekishni joriy qila boshlashgan. 1889 yildan 
1916 yilgacha uzun tolali Amerika navlari ekilgan maydonlar 50 ming gektardan 343 ming gektarga yetgan. Tarixiy manbaalarda keltirilishicha, XIX asrning 80-yillari oxiri va 90-yillar boshlarida oʻlkada dastlabki ijaraga beriladigan korxonalar vujudga kelgan, pul mablagʻini qarzga beruvchi banklar, muassasalar ochilgan. Shubhasiz, paxtachilik va paxta sanoatining vujudga kelishi, moliya idoralarining tashkil etilishi oʻz-oʻzidan ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash va yongʻinlardan muhofaza etishni ham talab etardi. Bu vazifani koʻngilli yongʻin oʻchiruvchilar jamoalari bajara olmas, maxsus moliyalashtirilgan ixtisoslashtirilgan yongʻindan saqlash jamoalarigina bajarishi mumkin edi. Taassufki, ana shunday holatda ham Turkiston general-gubernatorligi yongʻindan saqlash xizmatini takomillashtirish, yongʻin oʻchiruvchilar jamoalarini yetarlicha shart-sharoitlar bilan taʼminlash boʻyicha birorta ham koʻrsatma bermadi va bu masalada loqaydlik koʻrsatdi. Faqat markazdan binolar, turar joylar, inshootlar va muassasalarning yongʻinga qarshi holatlarini nazorat etish yuzasidan yuborilgan uncha koʻp boʻlmagan meʼyoriy hujjatlarni qayta nashr etish va tarqatish bilan chegaralanib qolingan, xolos.

Chorizm davrida Turkistonda, jumladan, Toshkent shahrida faoliyat olib borgan oʻt oʻchiruvchilar – brandmeysterlar, deb atalib, ular ixtiyoriga suv toʻldirilgan bochkali ot-aravalar berib qoʻyilgan. Politsiya mahkamasi nazoratida turgan oʻt oʻchiruvchilar jamo­alari oylik yigʻilgan badallar hisobidan moliyalashtirilgan. Ammo, Chor Rossiyasi Yev­ropa mamlakatlariga nisbatan sanoati qoloq boʻlganligi boisidan ham podsho va uning hukumati nafaqat Turkiston oʻlkalarida, hatto oʻz hududlarida ham oʻt oʻchiruvchilik xizmati tizimini shakllantirishda yetarlicha salohiyatga ega emasdi. Modomiki, dunyo boʻyicha yongʻin xavfsizligini taʼminlash hayotiy bosh masalalardan biriga aylanib borayotgan bir davrda, yaʼni XIX asrning oxirlari XX asr boshlarida Turkistondagina emas, Chor Rossiyasining oʻzida ham yongʻinga qarshi kurash ishiga sovuqqonlik koʻrsatilib kelingan. Bundan koʻproq oʻsha vaqtlarda jamiyatning asosini tashkil etgan kambagʻal fuqarolar aziyat chekishardi. Albatta, yongʻinga qarshi kurash, sodir boʻlgan yongʻinni bartaraf etishning ilk texnika vositalari, ularga masʼul kishilardan iborat jamoalar tarixi haqida uzoq fikr yuritish mumkin. Asosiy maqsad, respublikamiz yongʻin xavf­sizligi xizmatining olis oʻtmishi va bugunini yoritish boʻlganligi bois ham tarixning ayrim sahifalariga yana bir karra toʻxtalib oʻtish eʼtiborga molikdir.

Qadimdan Oʻrta Osiyoda, jumladan, Turkistonning koʻpgina shaharlaridagi har bir mahalla guzarida kundalik isteʼmol uchun katta suv hovuzlari boʻlgan. Masalan, Toshkentdagi mavjud mahallalarning barchasida azaldan aholi qishin-yozin ichimlik suvdan foydalanish maqsadida maxsus hovuzlar tashkil etilgan boʻlib, ular har yili bahor va koʻz oylarida tozalanib, nazoratdan oʻtkazilib turilgan. (U vaqtlarda hozirgidek, isteʼmol qilish uchun alohida yer osti suv quvurlari boʻlmaganligi tabiiy!) Suvga chiqindi nari tursin, biror xas-choʻp tashlash, tupurish oʻta ogʻir gunoh hisoblangan. Hovuzga qoʻl tiqib suv olish shariat va tariqatda man etilgan. Kimgaki suv kerak boʻlsa, hovuzdan albatta, chelak yoki koʻzada, u ham boʻlmasa, tovoqda olishga ruxsat etilgan. Suvga chiqindi tashlaganlar mahalla jamoasi oʻrtasida izza qilingan, bu taʼsir qilmagan holda shahar dorugʻasi yoki qozisi tomonidan qattiq jazolangan. Hovuzda, shuningdek shahar oʻrtasidan oqib oʻtuvchi Kaykovuz anhorida otlar, mollarni choʻmiltirish qatʼiyan man etilgan. Suvni muqaddas sanashgan va uning tozaligi uchun har bir kishi oʻzini javobgar hisoblagan. Hovuzlarga suv olib keluvchi ariqlar hamisha ravon va toza saqlangan. Ariqlar va hovuzlarning to­zaligi, suvga toʻlib turishi uchun maxsus kishilar javobgar etib tayinlanganlar. Oʻsha kishilar ustidan esa mahalla oqsoqoli nazorat qilib turgan.

Suv hovuzlari ayni bir vaqtda biror-bir doʻkon yoki xonadonda yongʻin sodir boʻlib qolganda uni oʻchirishda asosiy manbaa sanalgan. Oʻt tushganda odamlar hovuzlardan suv tashiganlar va yongʻinni oʻchirganlar. Bu bir oʻziga xos tarix va uning zamirida odamlar taqdirini, hayotini koʻrish mumkin.

Koʻpgina soha xodimlari Yongʻin xavfsizligi xizmatining tashkil etilishi tarixi asosan 1918 yilda Rossiya Xalq komissarlari Soveti tomonidan qabul qilingan “Yongʻinga qarshi kurashda davlat choralarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Dekret bilan bogʻliq deyishadi. Oʻsha hujjat eʼlon qilingach, yongʻindan saqlash boʻlimi va mazkur boʻlim kengashi tashkil etilib, uning zimmasiga yongʻindan saqlash ishlarini olib borish va umumiy rahbarlik qilish vazifasi yuklatilgan edi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida yongʻindan saqlash xizmatini malakali mutaxassislar bilan mustahkamlashga katta eʼtibor berilib, shu maqsadda 1919 yilning 
15 oktyabridagi maxsus koʻrsatmaga koʻra, kasbiy va koʻngilli yongʻin oʻchirish jamoalarida xizmat qilayotgan kishilarni Qizil Armiyaga xizmatga chaqirish vaqtincha toʻxtatilgan. Bunday qarorga kelinishining oʻziga xos sabablaridan biri fuqarolar urushlari oqibatlarida vayron boʻlgan xalq xoʻjaligini tiklash, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligini yoʻlga qoʻyishdan iborat edi. Respublika Davlat arxivida saqlanayotgan va yongʻin xavfsizligi xizmati tarixiga oid baʼzi manbaalarda 1917 yilda Toshkentda uncha katta boʻlmagan ikkitagina oʻt oʻchirish jamoasi (komanda) boʻlgan. Biri shaharning Eski shahar qismida, sobiq “Spartak” oʻyingohi, hozirgi Eski Juva dehqon bozori orqa tarafida boʻlgan va unda 11 kishi xizmat qilgan. Jamoa ixtiyoriga 7 ta ot, bitta arava, uchta yogʻoch bochka va boshqa ahamiyatga ega boʻlmagan anjomlar ajratilgan. Ikkinchi jamoa esa shaharning yangi qismida, Gogol koʻchasida boʻlib, uning aʼzolari 40 kishidan iborat boʻlgan. Bu jamoa xoʻjaligiga 16 ta ot berilgan. 1921 yilda esa Turkiston Respublikasi Xalq komissarlari Sovetining “Oʻt oʻchiruvchilar komandalari shaxsiy tarkibini Qizil Armiya orti oziq-ovqatlari bilan taʼminlashga oʻtkazish toʻgʻrisida” qarori qabul qilingan. Huddi shu yili Toshkentda oʻt oʻchiruvchi texniklarni tayyorlash kurslari tashkil etila boshlangan. Respublikaning koʻpgina shaharlari va qishloqlarida ozod oʻt oʻchiruvchilar jamoalari tashkil etilib, oʻlkada yongʻindan saqlashni mustahkamlash maqsadlarida birmuncha imtiyozlar berilgan. Huddi oʻsha yili Turkiston Respublikasi Ichki ishlar Xalq komissarligida yongʻindan saqlash boʻlimi kommunal boʻlimga aylantirilgan. Bu boʻlim zimmasiga aholi uy-joylarini yaxshilash masalalari bilan bir qatorda, yongʻinni oʻchirish ishi ham yuklatilgan. Shaharda kommu­nal xoʻjalikni yuritish jarayonida yongʻindan saqlash ishini tashkil etish va bu tizimdagi jamoalar faoliyatini tashkil etish nihoyatda qiyin kechganligini oʻsha vaqtlardagi arxiv hujjatlaridan bilib olish mumkin. 1921 yilning 19 martida Respublika Xalq komissarlari Sovetida Turkistonda yongʻindan saqlash ishining yomon tashkil etilayotganligi va kommunal boʻlim qoniqarsiz yoʻlga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi masala muhokama etilgan hamda yongʻindan saqlash ishi keskin tanqid qilinganligi ham bejiz emasdi. Mazkur hukumat majlisida yongʻindan saqlash ishini samarali yoʻlga qoʻyish va uni kerakli anjomlar bilan taʼminlash, maxsus yongʻin oʻchiruvchilar drujinalari tash­kil etish masalalari muhokama etilgandi. Yongʻindan saqlash boʻlimiga kerakli transport vositalari va anjomlar yetishmas, malakali mutaxassislar deyarli yoʻq edi hisob. Dastlabki oʻt oʻchiruvchilarni tayyorlash kurslarining tashkil etilishi va unda yoshlarning maxsus oʻqitilishi vaqti kelib yongʻindan saqlash boʻlimining rivojida muhim oʻrin tutdi. Bunda eng eʼtiborli jihat shundaki, yongʻindan saqlash ishining rivojida xalqning yordami katta boʻldi. Mahalliy kishilardan iborat ozod oʻt oʻchiruvchilar jamiyatlarining tashkil etilishi va ularning yongʻinlarni oʻchirishdagi faol xizmatlari Turki­ston Respublikasi Ichki ishlar Xalq komissarligi Yongʻindan saqlash boʻlimi rivojida katta rol oʻynadi. Mahalliy kishilarning yongʻinlarni oldini olish va yongʻinga olib keluvchi holatlarga qarshi kurashdagi xizmatlari tarixning alohida sahifasiga aylandi. 1922 yilning 22 noyabrida ozod oʻt oʻchiruvchilar jamiyatlarining Nizomi ishlab chiqilib, qabul qilinganligi ham bejiz emas. Chunki, hududlarda sodir boʻlib turgan yongʻinlar hukumatni yongʻin oʻchiruvchilar jamoalarini tashkil etishga majbur qilgandi. Qabul qilingan Nizomga muvofiq joylarda erkin yongʻinga qarshi kurash jamiyatlarini tashkil etish va ular faoliyatini kuchaytirib, yongʻinlarni oldini olishga qaratilgan barcha tadbiriy choralarni qoʻllash xalq xoʻjaligi rivojida muhim ahamiyatga ega boʻlib bordi.

1922 yilda Toshkent shahar Sovetining qaroriga koʻra, Toshkentning Xadra maydoniga yaqin, sobiq Toshtram binosida oʻt oʻchiruvchilar deposi tashkil topgan va u 12 kishidan iborat boʻlgan. 1930 yilda mazkur depo sobiq “Spartak” (hozirgi Eski Juva dehqon bozori) stadioni oʻrnidagi eski binoda ish olib borgan. Depo bu yerda 1932 yilgacha boʻlgan va unga Akbarbekov (ismi nomaʼlum) rahbarlik qilgan. Depo ixtiyorida 2 ta ot va suv toʻldirilgan bochka oʻrnatilgan arava boʻlgan. 1932 yilda komandaga ilk marta GAZ-AA rusumli bitta oʻt oʻchirish avtomashinasi keltirilgan. Bunday mashina yil oxirida 2 ta boʻlgan. Komanda oʻsha yillarda Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi qaramogʻida boʻlib, 1936 yilda Respublika Ichki ishlar Xalq komissarligi (NKVD) tasarrufiga oʻtkazilgan. Oʻsha yili oʻt oʻchiruvchilar jamoasi 5-ixtisoslashtirilgan harbiylashtirilgan oʻt oʻchirish qismiga aylantirilib, u Eski shaharning Sagʻbon koʻchasidagi masjid binosiga joylashtirilgan. Unga Ibragimov (ismi nomaʼlum) rahbarlik qilgan. 5-ixtisoslash­tirilgan harbiylashtirilgan oʻt oʻchirish qismi 
(5-IHUUQ) shaxsiy tarkibi uchun oʻsha yillarda hech qanday sharoit boʻlmagan. Jamoa koʻchalarda kun koʻrgan. Oʻzining binosi boʻlmagan. 
1939 yilda A.S.Ishanov, 1939-41 yillarda Xasanov (ismi nomaʼlum), 
1941-44 yillarda Abdullayev (ismi nomaʼlum), 1944-56 yillarda Akbarov (ismi nomaʼlum) ko­mandaga rahbarlik qilishgan. 1956 yilga kelib qism toʻla harbiylashtirildi va unga inspeksiya ham qoʻshib berilgan. Bu inspeksiya Xalq xoʻjaligi maskanlari va aholi xonadonlarida yongʻinlarni oldini olish ishlari bilan shugʻullangan. 5-IHUUQga 1956 yilga kelib PMG-1, PMG-5, PMG-6, ZZS yongʻin oʻchirish avtoulovlari olib kelingan. Ichki xizmat kapitani G.I.Tarantin qism boshligʻi etib tayinlangan.

1957 yilda qismga ZIS-150 shassisidagi bitta PMZ-17 avtoulovi berilgan. Yangi yongʻin oʻchirish avtomashinasi keltirilishi tufayli 
786 kishilik shaxsiy tarkib soni qisqartirilib, komandada 74 kishi qoldirilgan. 1957 yil dekabr oyida qismga ichki xizmat kapitani A.Bekbulatov rahbar etib tayinlangan. 1958 yilda esa ichki xizmat mayori H.Raxmonov rahbarlik qilgan.

Sobiq Oktyabr, hozirgi Shayxontoxur tumani Toshkentning Eski shahar qismida birinchilardan tashkil topgan hududi boʻlib, undagi barcha davlat xoʻjalik va idoralari, tashkilotlari hamda aholi xonadonlarini yongʻinlardan muhofaza etish vazifasi mustaqil oʻt oʻchirish qismi (bu vaqtga kelib 5-IHUUQ shunday nomlana boshlagan) zimmasiga yuklatilgan. Qism Eski shaharning bozor hududida, Sagʻbon koʻchasidagi eski binoda ish koʻrgan. 1966 yilda kuchli zilzila roʻy berib, mazkur bino buzilib ketgach, qism uchun Chigʻatoy darvozasiga olib chiquvchi sobiq, Universitet koʻchasining Matlubot tor koʻchasi, hozirgi akademik Obid Sodiqov koʻchasidagi xonadonlar oʻrnida yangi ikki qavatli, katta hovli sahniga, beshta yongʻin oʻchirish avtomashinasi yoʻlagiga ega boʻlgan bino qurib berildi. Qism 1970 yilda shu yerga koʻchib oʻtdi. Bu vaqtga kelib sobiq Oktyabr, mustaqillik yillarida asl tarixiga asoslanib, Shayxontoxur tumani deb atala boshlangan hududda Yongʻindan saqlash boʻlimi ish koʻra boshladi. Mustaqillik yillariga kelib, Shayxontoxur tumani IIB Yongʻin xavfsizligi boʻlimi shaxsiy tarkibi yangi yongʻin oʻchirish avtomashinalari bilan toʻla taʼminlandi. Xizmat binosi taʼmirdan chiqarilib, shaxsiy tarkib malakali yosh xodimlar bilan mustahkamlandi. 2001 yil 25 iyunda Respublika Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida yongʻin xavfsizligi tizimini takomillashtirish tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori chiqqach, 5-MUUQ negizida tuman IIB YOXB 7-HYOXO 13-HYOXQ tashkil topdi va unda shtat birliklari belgilandi. Islohotlar natijasida tuman IIB YOXB shtat birligiga katta oʻzgartishlar kiritilib tasdiqlandi va ularga malakali yoshlar tayinlandi.

Mustaqillik yillarida tuman har jihatdan kamolga yetdi. XX asrning 40 va 50-yillaridagi Eski shahar tamomila oʻzgarib, tumanda yangidan yangi zamonaviy bino va inshootlar, ishlab chiqarish tarmoqlari. tashkilotlar va muassasalar qad rostladi. Endilikda tumanda 17 ta oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurti, 10 ta sogʻliqni saqlash maskani, 6 ta madaniy dam olish uyi, 49 ta maktab va 42 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 12 ta mahalla guzari va oʻnlab savdo-sanoat tarmoqlari mavjud. Har jihatdan obod boʻlib borayotgan qadimiy tuman xalq xoʻjaligi va unda yashovchi fuqarolarning osoyishta turmush kechirishini taʼminlashda tuman IIB YOXB xodimlari yetarlicha shart-sharoitlar hamda tajribaga ega boʻldi.

Qaysi davr yoki tuzum boʻlishidan qatʼi nazar yongʻinga qarshi kurash, mulkni yongʻindan muhofaza etish masalasi hayotiy masala boʻlganki, unga eʼtiborsiz qarab oʻtish yoki ta­rix sahifasidan oʻchirib tashlash sira mumkin emas. Shu nuqtai nazardan Turkiston Respublikasi xaritada “Oʻzbekiston SSR” deb koʻrsatilgan 1924 yilda uning shaharlari va boshqa hududlaridagi barcha yongʻinga qarshi vositalar roʻyxatga olinganligiga arxiv hujjatlari shohidlik beradi. Oʻsha yilning maʼlumotlariga koʻra, yangi Oʻzbekiston SSR hududi 312.394 kvadrat kilometrdan iborat boʻlgan va bu hududda oʻsha davrda kerakli anjomlar bilan taʼminlangan 10 ta oʻt oʻchirish jamoasi ish olib borayotgandi. Joriy etilgan kommunal boʻlim qoshidagi oʻt oʻchiruvchilar tayyorlash kurslari muntazam ravishda mutaxassislar tayyorlab bera boshlagandi. Toʻgʻri, bu kurslar hozirgi kundagidek oliy maʼlumotli hamda yetarlicha ixtisoslikni egallagan mutaxassislarni tayyorlab berish salohiyatiga ega boʻlmagan va shunday boʻla olmasdi ham. Bu tabiiy. Oʻsha vaqtlardagi kurslar bugungi oliy taʼlimning ilk qadamlari boʻlgan xolos. Majoziy maʼnoda aytilganda, kurslarni tamomlagan kishilar yongʻindan saqlash boʻlimining dastlabki qaldirgʻochlari hisoblanishgan. Ularda Yevropa mamlakatlaridagidek yuqori quvvatda ishlaydigan dvigatelli nasoslar, oʻt oʻchirish avtomashinalari, maxsus tirsakli narvonlar boʻlmagan, kiyim-boshlar va yengliklar esa yetarlicha emasdi. Moddiy-texnika taʼminotidagi yetishmovchiliklarga qaramay oʻt oʻchiruvchilar jamoalaridagi eng muhim fazilat bu kasbga fidoyilik boʻlgan. Ana shu fidoyilik tufayli Ichki ishlar Xalq komissarligi qoshidagi kommunal boʻlim oʻz zimmasidagi vazifani ado eta olgan.

Maʼlumotlarga qaraganda, 1924-25 yillarda Oʻzbekiston aholisining 85 foizi qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullangan va Respublikadagi sugʻoriladigan yerlarning umumiy maydoni 1.195 ming desyatinadan iborat boʻlgan. 1923-24 yillarda Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxta xom ashyosi 
10 million pudni (SSSRning umumiy paxta hosilining 70 foizi) tashkil etgan. Respublikaning Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlarida ulkan miqdorda hoʻl meva, sabzavot mahsulotlari yetishtirilgan. Oʻzbekiston SSR tashkil topgach, davlat tasarrufidagi chorvachilik ham rivojlana boshlagan. Oʻsha yillarda respublikaga kirib kelgan sanoat tarmoqlari asosan yengil sanoat korxonalari 185 ta boʻlib, ularda 8,7 ming kishi ishlagan. 39 ta paxtani qabul qilish va qayta ishlash, 35 ta oziq-ovqat korxonasi faoliyat olib borgan. Fuqarolik urushlaridan keyingi davr Xalq xoʻjaligida tiklanish davri boʻlib, bu jarayonda oʻt oʻchiruvchilar jamoalari faoliyatini koʻchaytirish masalasi hukumat oldidagi muhim vazifaga aylana bordi. Shunga binoan 1926 yilda davlat yongʻin nazorati joriy etildi. Unga yongʻinga qarshi kurash, yongʻinga qarshi choralar ishlab chiqish, hisobga olish va yongʻin anjomlarini taqsimlash, oʻt oʻchiruvchilar jamoalari va boshqa yongʻindan saqlash tashkilotlari ishiga rahbarlik qilish vazifalari yuklatilgan. Yongʻin nazoratining tashkil etilishiga olib kelgan omillardan yana biri Oʻzbekistonda industrlashtirish ishlari boshlanib, avval 1926 yilda hozirgi Toshkent viloyati hududida Boʻzsuvda, keyinroq esa Samarqand, Buxo­ro, Qoʻqon, Termiz va Asaka shaharlarida gidroelektr stansiyalarining ishga tushirilishidir. Bu oʻsha davr odamlari hayotidagi katta yangilik edi. Chunki, SSSRning boshqa hududlarida boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham Xalq xoʻjaligini elektrlashtirish ishlari jadal yoʻlga qoʻyilgan va bu sanoatning rivoj topishiga, oʻz navbatida korxona va tashkilotlarni, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari - paxta va gʻalla omborlarini yongʻinlardan muhofaza etuvchi maxsus xizmat jamoalarining tashkil topishi hamda shakllanishidan darak berardi. 1927 yilda esa davlat yongʻin nazorati vazifalari va huquqlari qonun yoʻli bilan mustahkamlangan.

20-yillar oxirlari 30-yillarning boshlarida Fargʻona, Margʻilon va Buxoro shaharlarida dastlabki ipak mato ishlab chiqaruvchi fabrikalar ishlay boshlagan. Andijonda neft qazib chiqarila boshlangandi. Sanoatning bunday tarmoqlarini ot-aravali suv bochkasi bilan yongʻinlardan muhofaza etish jismonan mumkin boʻlmay qoldi. Respublika sanoatiga ayni paytda zamonaviy oʻt oʻchirish texnikalari maxsus avtomashinalar kerak boʻlib qolgandi. 1931 yilda ot-aravali oʻt oʻchirish vositalari oʻrnini texnika egallay boshladi. Oʻsha yili respublikaga Avstriya, Germaniya firmalari to­monidan ishlab chiqilgan dastakli oʻt oʻchirish avtomashinalari Rossiya orqali olib kelindi. Bu mashina “PMZ-1” rusumli yongʻin oʻchiruvchi avtomashina edi. (Uning maket koʻrinishi Toshkent shahar Shayxontoxur tumani IIB YOXB qoshidagi Ilgʻor tajribalar va bilimlarni targʻib etish markazi hovlisida joylashgan). 1934 yilda esa Oʻzbekistonda yongʻin-texnik maktabiga asos solindi. Bu maktab yillar oʻtishi bilan takomillashib, mamlakatga oʻrta maʼlumotli mutaxassislar tayyorlab bera boshladi. Bu borada keyingi sahifalarimizda batafsil fikr yuritamiz.

1934 yilga kelib Oʻzbekiston boʻyicha yongʻin oʻchiruvchilar komandalari soni 20 taga yetgandi.

Inkor etish mumkin emas, 1934 yilda SSSR Ichki ishlar Xalq komissarligi tash­kil etilgach, uning tarkibiga yongʻindan saqlash bosh boshqarmasi kiritildi va unga Ittifoqdosh respublikalardagi barcha yongʻindan saqlash boʻlimlari tobe etib qoʻyildi. Bir soʻz bilan aytganda, joylardagi yongʻindan saqlash boʻlimlarining faoliyati markazlashgan holda boshqarilib, yongʻinlar va ularni bartaraf etishga oid barcha masalalar yuqori organ tomonidan hal etila boshlandi. Respublikamizda yongʻindan saqlash tizimini yangi texnika va qoʻshimcha ish oʻrinlari bilan taʼminlash kabi yirik masalalar faqat markaz ruxsati bilangina amalga oshirilar, mahalliy mutaxassislarni biror lavozimga tayinlash yoki tayinlamaslik yuqoridan turib hal etilardi.

Oʻtgan asrning 30-yillar voqealari Respublika hayotining ajralmas qismi boʻlgan sanoatning ayrim tarmoqlari kirib kelishi va qishloq xoʻjaligida kollektivlashtirish, yaʼni yakka xoʻjaliklarning birlashtirilib, jamoalashtirilishi, zamindorlardan yerlarni davlat yoʻli bilan tortib olinib, davlat mulkiga aylantirilishi kabi tub islohotlar bilan bir qatorda yongʻin xavfsizligi xizmatining dastlabki tizimlari bunyodga keltirilishi bilan ham chambarchas bogʻliqdir.

Shunday qilib, Shoʻrolar hukumati tomonidan eʼlon qilingan Xalq xoʻjaligini tiklashning birinchi besh yilligi davrida yongʻindan saqlash ishiga davlat miqyosidagi vazifa deb qaralib, bu sohada muayyan tashkiliy ishlar amalga oshirildi.

1933 yilning 1 yanvarida Toshkent shahar Yongʻindan saqlash boʻlimi boshligʻi D.I.Kuzovkin tomonidan qismlarda kecha-yu kunduzlik navbatchiliklar toʻgʻrisida va harbiy boʻlinmalardagi kabi oʻt oʻchiruvchilarga ham harbiy nishon berilishi haqida buyruq chiqariladi. 1934 yilning oktyabrida 3 ta yongʻin stansiyasi qurilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. 1936 yilga kelib Oʻzbekistonda 1924 yilga nisbatan ikki marta koʻp - 20 ta oʻt oʻchirish jamoasi (komanda) bor edi. 1938 yil 6 mayda SSSR Xalq komissarlari Soveti qabul qilgan maxsus qarorda boshqa respublikalar qatori Oʻzbekistonda yongʻin nazorati va yongʻindan saqlashni kuchaytirish, yongʻindan saqlashni qayta tashkil etish, shaharlardagi korxonalarda ishchi-xizmatchilardan iborat koʻngilli oʻt oʻchirish drujinalarini vujudga keltirish belgilab berilgan edi. Bundan maqsad sanoat tarmoqlarida, yirik ishlab chiqarish korxonalarida ishlovchilarning yongʻin xavfsizligini taʼminlashdagi ishtirokini faol yoʻlga qoʻyish, aniqrogʻi mehnat jamoalari vakillarini shu tizimga koʻproq jalb etish va shu yoʻsinda korxonalarda yongʻinga olib keluvchi holatlarga barham berish va har bir ishchining javobgarligini kuchaytirish edi. Ishlab chiqarish jarayoni qatʼiy nazoratga olingani holda korxonalar qoshidagi oʻt oʻchirish jamoalari harbiylashtirildi, tashkil etilgan koʻngilli oʻt oʻchirish drujinalarining faoliyati bir tizimga solinib, rahbarlik qilina boshlandi. Bu hol ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentdagi va respublikamizning boshqa shaharlaridagi Rossiyadan koʻchirib keltirilgan yirik sanoat korxonalarida qattiq nazorat ostida olib borildi. Harbiylashtirilgan oʻt oʻchirish boʻlinmalarining vakolatlari kuchaytirildi. Urush yillarida Toshkentda qayta tashkil etilgan va harbiylashtirilgan oʻt oʻchirish boʻlinmalari soni 
12 taga yetkazildi, ularning 6 tasi Aviasozlar, Toshkent toʻqimachilik kombinati, Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, kabel ishlab chiqarish korxonalarida edi. Ular turli yoʻnalishdagi 30 ta yongʻin oʻchirish avtomobili bilan taʼminlangandi. 1942 yilning 13 avgustidagi SSSR 
XKS qaroriga koʻra, davlat yongʻin nazoratining vakolatlari yanada kengaytirilgan. Yongʻin na­zorati xodimlari bu vakolatlar doirasida qishloq xoʻjaligida, ayniqsa, sanoat kor­xonalarida yongʻinga olib keluvchi holatlarga yoʻl qoʻygan kishilarga nisbatan qattiq jazo choralari qoʻllay olishgan. Respublikaning yirik shaharlarida faoliyat olib borayotgan harbiy qurol-yarogʻlar, kiyim-boshlar, oziq-ovqatlar ishlab chiqarayotgan kor­xonalarda urush davri boʻlganligi bois yongʻin xavfsizligiga amal qilmagan kishilar­ga nisbatan jazo choralari qattiq boʻlgan. Xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlaridagi yongʻin xavfsizligi uchun javobgarlik 1944 yilgacha V.B.Nikolayev, 1944-47 yillarda esa G.A.Antonov rahbarligidagi Yongʻindan saqlash boʻlimiga yuklatilgan va bu boʻlim harbiy qonun-qoidalarga muvofiq ish olib borgan. Kishilar kecha-yu kunduz mehnat qilishgan. Koʻpchilik erkaklar frontga ketganligi bois ayollar ham xizmatga olingan, ularga tegishli huquqlar berilgan. Urushdan keyingi tiklanish davrida, jumladan sanoatda va qurilishda, qishloq xoʻjaligining paxtachilik va gʻallachilik tizimlarida yongʻindan saqlash ishlariga yana maxsus kurslarda taʼlim olgan yigitlar xizmatga olina boshlangan. Ularga bu davrga kelib yangi yongʻin oʻchirish avtomashinalari, yengliklar, dastaklar, kiyim-boshlar hamda xizmat binolari ajratilishi yoʻlga qoʻyila boshlangan. Xizmat tizimidagi yangilanishlar dastlab D.M.Matveyev 1948-52 yillarda, soʻng S.T.Shabanov 1952-56 yillarda rahbarlik qilgan davrlarda koʻzga tashlana boshladi. Ular boshlagan texnika taʼminoti xizmat binolarini qurish ishlarini 
1956-57 yillarda Yongʻindan saqlash boʻlimiga rahbarlik qilgan N.R.Hamidov, 1957-68 yillarda V.Ye.Paradalar da­vom ettirishdi. Bu yillardagi yongʻindan saqlash xizmati shubhasiz oʻzining texnika va kiyim-boshlar, ixtisoslik vositalari taʼminoti jihatidan 30-yillardagi xizmat holatidan, qolaversa, shaxsiy tarkib malakasi jihatidan katta farq qilardi. Ayniqsa, 60 va 70-yillarda Respublika yongʻindan saqlash boʻlimi oʻz oʻtmishdoshlari kasbiy mala­kasi, texnika va boshqa vositalar bilan taʼminoti jihatdan katta oʻzgarishlarga erishdi. Bunda 1968-78 yillarda boʻlimga rahbarlik qilgan I.I.Starakojevning tashkilotchiligi, tashabbuskorligi va kasbiy mahorati katta ahamiyatga ega boʻldi. I.I.Starakojev Respublika hududlarida yongʻin oʻchirish boʻlinmalari tashkil etilishi va ularni xizmat binolari, yongʻin oʻchirish avtomashinalari, kiyim-boshlar, xizmatga kerakli vositalar bilan taʼminlanishiga eʼtiborni kuchaytirdi. Uning davrida yongʻin nazorati ishlari kasbiy ixtisoslik jihatdan yuksaldi, shaxsiy tarkib SSSR IIV Yongʻindan saqlash Oliy texnik maktabi Toshkent fakultetini tamomlagan yosh mutaxassislar bilan mustahkamlana bordi.

Agar Toshkentda 1947 yilda Respublika Ichki ishlar boshqarmasi Yongʻindan saqlash boʻlimi, 1958 yilda shaharni yongʻinlardan muhofaza etuvchi harbiylashtirilgan Yongʻindan saqlash otryadi, 1968 yilda Toshkent shahar ijroiya komiteti jamoat tartibini saqlash boshqarmasining harbiylashtirilgan Yongʻindan saqlash boʻlimi, 1969 yilda Toshkent shahar ijroiya komiteti Ichki ishlar boshqarmasi Yongʻindan saqlash boʻlimi tashkil topgan boʻlsa, 1978 yilga kelib, bu tarkib boshqarma maqomini olgandi. Boshqarma maqomini olgunga qadar esa boʻlim oʻzoq yoʻllarni bosib oʻtdi.

1956 yildan yongʻindan saqlash boʻlimining bir vaqtning oʻzida Respublika IIVga hamda Mahalliy Xalq deputatlari Sovetiga boʻysindirilishi masʼuliyat va talabning yanada kuchayganligidan dalolat berardi. Oʻsha yili mahalliy yongʻindan saqlash idoralari jamoat tartibini saqlash idoralari bilan umumlashtirilgandi. Tumanlarda militsiya, yongʻin nazorati va yongʻindan saqlash boʻlimlari bir-birlariga bogʻliq boʻlmagan holda faoliyat olib borishardi. Bunday tartib Oʻzbekistonda 1966-68 yillarda amal qilgan. Bundan tashqari oʻsha vaqtlarda jamoat tartibini saqlash va yongʻindan saqlash idoralari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi markazlashgan idora boʻlmagan. Hozirgi paytda esa, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi (sobiq Yongʻindan saqlash boʻlimi) va uning viloyatlar, shahar va tumanlardagi tizimlari faoliyati Ichki ishlar vazirligi, uning joylardagi boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi.

Oʻsha davr rahbarlari xizmatga yarasha munosib taqdirlash katta samara berishini yaxshi tushunishgan va shu maqsadda sobiq Ittifoq Oliy Soveti Prezidiumi tomonidan 1957 yilda “Yongʻindagi jasorati uchun” medali taʼsis etilgan. 1973 yilning 1 yanvariga kelib ana shu medalga Oʻzbekistondan taqdirlangan yongʻin oʻchiruvchilar soni 178 nafarga yetgan. Ayni chogʻda yongʻin nazorati talablarini bajarmaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida ham 1969 yilning 29 mayida Oʻzbekiston SSR Oliy Sove­ti Prezidiumining farmoni chiqqan. Shuni yana taʼkidlab oʻtish lozim, oʻtgan asrning 60-yillarida mamlakat Xalq xoʻjaligini yongʻinlardan muhofaza etish va yongʻin xavfsizligini taʼminlashga oid bir qancha meʼyoriy hujjatlar, qarorlar va koʻrsatmalar qabul qilinganligi davlat tomonidan yongʻin nazorati va yongʻindan saqlash tizimiga naqadar katta vazifalar, masʼuliyat yuklatila borilganligidan dalolatdir. Masalan, 1964 yilning 3 yanvarida Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining ʻYongʻin xavfsizli­gi qoida talablarini buzganligi uchun jarimaga tortish toʻgʻrisida“, 1967 yil 12 mayda ”Mehnatkashlar deputatlari Soveti ijroiya komiteti qoshida shtatsiz yongʻin inspektorlari guruhlari haqidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida“gi, 1968 yil 6 mayda ”Re­spublika Koʻngilli yongʻin oʻchiruvchilar jamiyatlariga rahbarlik qilishni yaxshilash boʻyicha choralar toʻgʻrisida"gi qarorlari oʻsha davr uchun muhim yangiliklar sirasiga kiradi. Bunday va shu singari boshqa hujjatlarning qabul qilinishi respublika yongʻindan saqlash xizmatiga boʻlgan davlat miqyosidagi eʼtibor boʻlib, maqsad oʻsib kelayotgan sanoat, qishloq xoʻjaligi va madaniy-maishiy xizmat koʻrsatish tarmoqlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifa ekanligini huquqiy jihatdan mustahkamlash edi. Shunga muvofiq qarorlarning bajarilishi qatʼiy nazorat ostida borgan. Masa­lan, koʻngilli yongʻin oʻchiruvchilar drujinalarini tashkil etish va ularga rahbarlik qilish tegishli koʻrsatmalar asosida olib borilgan. 70-yillarda respublikamizdagi 3151 ta sanoat korxonasi, 1220 ta kolxoz va 572 ta sovxoz qoshida koʻngilli yongʻin oʻchirish drujinasi tashkil etilgan va ular faoliyati mahalliy idoralar tomonidan nazorat etib turilgan. Oʻrta maktablarda, texnikumlar va bilim yurtlarida oʻsmir yoshlardan iborat koʻngilli yongʻin oʻchirish drujinalarini tashkil etish va ularga mahalliy yongʻindan saqlash boʻlimi xodimi tomonidan yoʻriqnomalar berib borish ham nazardan chetda qolmagan va bu borada davlat idoralari tomonidan koʻrsatmalar hamda buyruqlar chiqarilgan. Hatto oʻsmir yoshlar koʻngilli yongʻin oʻchiruvchilar drujinalari Nizomi ham ishlab chiqilgan edi.

Tarix 60 va 80-yillardagi tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etilishida Re­spublika yongʻin xavfsizligi xizmatining (oʻsha vaqtlardagi Yongʻindan saqlash boʻlimi) ulkan va benazir oʻrni boʻlganligiga shohiddir. Masalan, 1966 yilda Toshkentda va 1980 yilda Toshkent viloyati Nazarbek qoʻrgʻonida sodir boʻlgan zilzila oqibatlarini barta­raf etish, tabiiy ofatdan zarar koʻrganlar va jabrlangan kishilarga yordam koʻrsatish, ularni qutqarish, olov iskanjalaridan olib chiqib birinchi tibbiy yordam koʻrsatish paytida yongʻin oʻchiruvchilar juda katta matonat va jasorat koʻrsatishgan. Zilzila na­tijasida vayronaga aylangan uylar ostidan odamlarni qutqarish, ular hayoti uchun kurashish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Oʻsha paytlarda zilzila oqibatida bir kecha kunduzda sodir boʻlgan yongʻinlar soni 250 tagacha yetganligini bugungi avlod yaxshi bilmaydi. Oʻsha yongʻinlarni tezkorlik bilan oʻchirish va odamlar, ularning mulklarini qutqarib qolish uchun naqadar katta kuch va iroda kerak boʻlganligini faqat mazkur soha kishilari faoliyatini yaxshi bilgan yoki undan xabardor boʻlgan kishilargina tushuna oladilar. Toshkentdagi kuchli zilzila oqibatlarida yuz bergan yongʻinlar va ularda jabr koʻrgan kishilarni qutqarib qolish, zilzila oqibatlarini bartaraf etishdagi jasoratlari uchun respublikamizning 
120 nafar yongʻin oʻchiruvchisi “Yongʻindagi jasorati uchun” medali bilan taqdirlangan. Tom maʼnosi bilan aytilganda, Toshkent zilzilasi yongʻin xavfsizligi xizmatidagi kishilarning chinakam matonati va irodasini namoyon etdi. Toshkent zilzilasida asl kasb fidoyilari dunyoga keldi, -desak mubolagʻa boʻlmas. Yozuvchi Ibroxim Raximning “Sen tugʻilgan kun” nomli romani bilan tanishgan kishi zilziladan vayron boʻlgan mahallalar, xonadonlarni tiklash, yongʻinlarni oʻchirishda fidokorlik koʻrsatayotgan soha xodimlarining siymolarini koʻz oldiga keltirarkan, bunga imon keltiradi. Bu kasb sohiblari Toshkent zilzilasi oqibatlarida yuzaga kelgan mingdan ortiq yongʻinlarni malakali bartaraf etib, moddiy-maʼnaviy boyliklarni asrab qoldilar.

70-yillarning ikkinchi yarmi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida, uning paxtachilik tarmogʻida alohida oʻrin tutadi. Paxta hosildorligi oshishi bilan birga paxtachilik sanoati ham rivojlana bordi. Oʻzbekiston paxtasi Rossiyaning Ivanovo-Voznesensk toʻqimachilik kombinatiga oliy tolali paxta navi xom ashyosi yetkazib berishda jahon standarti darajasiga chiqib oldi. Bu vaqtga kelib Toshkent toʻqimachilik kombinati, Lak-buyoq ishlab chiqarish korxonasi, “Sharq” gazlama ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent poyafzal ishlab chiqarish fabrikasi, kabel, temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish kabi qator yirik korxonalar rivojlangan edi. 1977 yilda Toshkent metropolitenining birinchi navbatda ishga tushirilishi esa Oʻzbekiston hayotidagi muhim tarixiy voqea boʻlib qoldi. Sanoat va qurilishdagi, qishloq xoʻjaligida, madaniyat va fandagi yuksalishlar yongʻindan saqlash xizmati tizimida ham oʻzgarishlar olib kelishiga taʼsir etmay qolmasdi, albatta. Chunki, respublikadagi iqtisodiy takomillashuv jarayonini uni yongʻinlardan muhofaza etish tizimisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Elektr energiya va gaz yoqilgʻisida ishlovchi barcha sanoat korxonalari tarmoqlari xavfsizligini toʻla taʼminlash davrning davlat miqyosidagi vazifasi boʻlib qolavergan. Bu vazifani ado etish uchun esa malakali va har jihatdan texnika vositalari bilan toʻla taʼminlangan xizmat tizimi zarur edi. Bu tizim 1981-84 yillarda shakllantirildi va u moddiy-texnik jihatdan mustahkamlandi.

Shular bilan bir qatorda, 1981 yilda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yongʻindan saqlash boshqarmasi va uning viloyatlardagi boʻlimlari shaxsiy tarkibini malakali xodimlar bilan mustahkamlash, ularning kasb mahoratini oshirish, moddiy-texnika taʼminotini zamon talablari darajasiga yetkazish ishlari amalga oshirila boshlandi. 1984-87 yil yillarda mutaxassislar malakasini oshirish va xizmat sharoitlarini yaxshilashga eʼtibor kuchaytirildi. Oʻsha yillarda koʻpgina ijobiy oʻzgarishlar, jumladan yongʻin oʻchirish qismlari uchun bino va inshootlar bunyodga keltirilgan.

Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yangilanish, boshqaruvning yangicha shaklini vujudga keltirish hamda xalq xoʻjaligini bozor iqtisodiyoti munosabatlari asoslarida rivojlantirish tizimiga oʻtkazish muhim vazifalardan biri ekanligi yaqqol koʻzga tashlana boshlagandi. Iqtisodiy islohotlar ana shu va shu singari barcha masalalarning toʻgʻri yechimini koʻrsatib berdi. Bunda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq va Oʻzbekiston SSR Prezidentining Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar vazirligini jumhuriyat huquqiy tasarrufiga oʻtkazish haqidagi 
1991 yilning 25 avgustidagi Farmonini bajarish yuzasidan hamda Respublika Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 25 oktyabrdagi Qaroriga asosan Oʻzbekiston SSR IIV Ittifoq tasarrufidan chiqarilib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga aylantirilganligi hamda Yongʻindan saqlash boshqarmasi uning tarkibiga kiritilganligi muhim ahamiyatga egadir. Mazkur tizimdagi dastlabki qadamlar, ilk islohotlar kelgusida ulkan ijobiy natijalar berdiki, bu asosan 2001 yildan boshlangan boshqaruvning tamomila yangicha shakli va koʻrinishlarida yaqqol namoyon boʻla bordi. Bir soʻz bilan aytilganda, yangi davrning oʻz qonuniyatlari dunyoga kela boshlagandi.

Albatta, xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlari va tizimlarida amalga oshirila boshlangan yangilanishlar oʻz navbatida yongʻin xavfsizligi tizimida ham oʻziga xos oʻzgarishlarga olib keldi. Sobiq Ittifoq davridan qolgan va koʻproq oʻziboʻlarchilik kayfiyati hamda munosabatlari zaminida faoliyat yuritib kelgan yongʻin xavfsizligi xizmatining barcha tarkib va tizimlaridagi betartibliklarga barham berish va Dav­lat yongʻin nazorati organlari faoliyatini muqim tartib va qoidalar asoslarida shakllantirish maqsadlarida 1993 yilning 17 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarixiy 227-sonli, yaʼni “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat yongʻin nazorati toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarorni qabul qildi. Bu Qaror oʻsha yil­ning muhim huquqiy davlat hujjatlaridan biri sifatida soha kishilari faoliyatida muhim voqelik boʻldi. Ushbu hujjat asoslarida Davlat yongʻin nazorati mamlakat xalq xoʻjaligining barcha tizimlari va tarmoqlarida yongʻinlarni oldini olish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi faoliyatni oʻz tasarrufiga oldi hamda ijro intizomini mustahkamlay boshladi. Davlat yongʻin nazorati barcha tizimlar va tarmoqlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash bilan birga mamlakat fuqarolarining tinchligi va osoyishta turmush kechirishini taʼminlashda ham jamiyatning faol aʼzolaridan biriga aylandi. Qarorda belgilab berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Respublika IIVning 1993 yil 22 sentyabrdagi “Davlat yongʻin nazorati faoliyatini tashkillashtirish qoʻllanmasini tasdiqlash haqida”gi 344-sonli buyrugʻi imzolandi.

Respublika Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 25 iyundagi “Koʻngilli oʻt oʻchiruvchilar drujinalari, yosh oʻt oʻchiruvchilar drujinalari, oʻt oʻchirish texnik komissiyalari toʻgʻrisida”gi 243-sonli Qarori, Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 1995 yil 4 avgustdagi “Koʻngilli oʻt oʻchiruvchilar drujinalari, yosh oʻt oʻchiruvchilar drujinalari, oʻt oʻchirish texnik komissiyalari toʻgʻrisida”gi 1995 yil 25 iyundagi 243-sonli Qarorini eʼlon qilish haqidagi 219-sonli buyrugʻi, Respublika IIVning 1992 yil 
25 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi katta va murakkab yongʻinlarni oʻchirish maskanlari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 467-sonli va 1993 yil 30 dekabrdagi “Yongʻindan saqlash garnizonlarida gaz va tutundan himoyalash xizmati qoʻllanmasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 450-sonli buyruqlari ishlab chiqilganligi hamda amalda joriy etilganligi fikrimizga shohidlik beradi.

Yana bir muhim hujjatlardan biri bu Respublika Ichki ishlar vazirligining harbiylashtirilgan Yongʻindan saqlash xizmatini alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan, portlash va yongʻin chiqish xavfi yuqori sanalgan maskanlarda, yirik sanoat korxonalari qoshida, shuningdek aholisi 50 ming nafardan ortiq boʻlgan shahar va shahar toifasidagi hududlarda, tumanlar markazlari hamda boshqa aholi yashash joylarida tashkil etish maqsadida Respublika Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 
20 martdagi 112-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi obyektlarida, shaharlarida, shahar koʻrinishidagi shaharchalarda, tumanlarning markazlarida va aholi yashaydigan boshqa joylarda Ichki ishlar vazirligining yongʻin soqchiligini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi Qarori boʻlib, bu hujjat talablaridan kelib chiqqan holda, Andijon viloyatining Shaxrixon, Navoiy viloyatining Zarafshon, Namangan viloyatining Chust va Sirdaryo viloyatining Yangiyer shaharlarida kasbiylashtirilgan oʻt oʻchirish qismlari harbiylashtirilgan oʻt oʻchirish qismlariga aylantirildi. Bu qismlar keyinchalik harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qismlari deb atala boshlandi. Islohotlar davomida namunaviy loyihalar asoslarida 11 ta yongʻin xavfsizligi qismlari uchun qoʻshimcha xizmat binolari qurib berildi, 14 ta bino esa taʼmirlab berildi.

Oʻsha yillarda boshqa sohalarda boʻlgani kabi Respublika yongʻin xavfsizligi xizmati tizimida ham oʻziga xos muammolar toʻplanib qolgan va ularni hal etish uchun esa katta kuch va tashkilotchilik talab etilardi. Respublika IIV Yongʻindan saqlash boshqarmasi va uning tarkibiy boʻlim va boʻlinmalari oldida yongʻin oʻchirish qismlarini moddiy-texnika bilan taʼminlash vazifasi turardi. Chunki, bu vaqtga kelib Rossiya yongʻin oʻchirish avtomobillari va ularga ehtiyot qismlar, yongʻin oʻchiruvchilar uchun zarur jihozlar, kiyim-boshlar bermay qoʻygan, natijada texnika taqchilligi yuzaga kelgandi. Rahbariyatning yongʻin xavfsizligi xizmatini yangi davr talablari asoslarida qayta tashkil etish va kuchaytirish maqsadlarida tashkiliy ishlarni toʻgʻri amalga oshira bilganligi tufayli joylardagi yongʻin oʻchirish qismlarini texnika vositalari bilan taʼminlanishi yoʻlga qoʻyila boshlandi. Koʻp oʻtmay, shartnomalar asoslarida mamlakatimizga Rossiya, Ukraina va Germaniyadan yangi yongʻin oʻchirish avtomashinalari hamda ehtiyot qismlar, boshqa texnik jixozlar keltirila boshlandi. Respublikamizning markaziy shaharlarida qad rostlay boshlagan koʻp qavatli uylardagi yongʻinlarni oʻchirishda foydalaniladigan narvonlar, yengliklar, himoyalash vositalari va boshqa jihozlarning keltirilishi va qismlarning taʼminlanishiga erishildi.

Toshkent shahri hamda viloyatlardagi Yongʻindan saqlash boʻlimlarining moddiy-texnika taʼminoti yoʻlga qoʻyilishi bilan bir vaqtda yirik sanoat korxonalarida yangi harbiylashtirilgan Yongʻin xavfsizligi qismlari ochilishi va ular uchun xizmat binola­ri qurilishi kabi vazifalar ham amalga oshirila borildi. Andijon viloyatining Asaka shahrida 1996 yilda “OʻzDEU” Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma avtomobilsozlik korxonasining ishga tushirilishi munosabati bilan mazkur korxonani yongʻinlardan muhofaza etuvchi harbiylashtirilgan Yongʻin xavfsizligi qismining tashkil etilishi, Buxoro neftni qayta ishlash korxonasining qurilishi hamda ishga tushirilishi munosabati bilan uni yongʻinlardan muhofaza etuvchi harbiylashtirilgan Yongʻin xavfsizligi qismining ochi­lishi, mazkur qismlarga yangi xizmat binolari qurilib, ularni yongʻin oʻchirish avtomo­billari hamda zarur jihozlar bilan taʼminlanishi kabi vazifalarning hal etilishi oʻsha yillardagi muhim qadamlardan biri boʻldi. Shuningdek, uzoq kelajakdagi amalga oshiriladigan ishlar nazarda tutilgan holda, qolaversa, shahar xoʻjaligini yongʻinlardan muhofaza etilishini tashkil etish maqsadlarida Qarshi shahrida xoʻjalik hisobidagi yongʻin oʻchirish deposi, Navoiy shahrida yangi depo tashkil etildi. Shahrisabzdagi harbiylashtirilgan Yongʻin oʻchirish qismiga yangi Yongʻin oʻchirish avtomashinalari va tex­nik jihozlar olib berildi. Sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekiston boʻyicha yiliga 27 mingta turli darajadagi yongʻin sodir boʻlardi. Mustaqillikning dastlabki besh yili va undan keyingi davr davomida bu raqam keskin kamayib ketdi. Joylarda yongʻinlar oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarning samaradorligi taʼminlana borilgani sari Respublika boʻyicha yongʻinlar sonini yildan yilga kamayishiga eri­shildi.

Respublika IIV Yongʻindan saqlash boshqarmasi tizimidagi barcha boʻlimlar, boʻlimlar qoshidagi harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan qismlar shaxsiy tarkibining moddiy-texnika taʼminotiga oid koʻpgina masalalar hal etilib, tizimda islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirila boshlandi. Jumladan, yongʻin oʻchiruvchi qismlar jangovar holatini yaxshilash, zamonaviy texnika vositalari bi­lan taʼminlash maqsadlarida Germaniyaning “Mers”, Fransiyaning “Kamiva” firmalarida ishlab chiqilgan avtonarvonlar, avtotsisternalar harid qilindi. Shuning­dek, soha yoʻnalishida mutaxassislar tomonidan olib borilgan yongʻin xavfsizligini taʼminlashga oid 90 dan ortiq tez va yonuvchan materiallar sinovdan oʻtkazildi, 25 ta standart qayta koʻrib chiqildi.

Paxta yongʻinini oldini olishga yoʻnaltirilgan agregatlarning 8 tasi sinovdan oʻtkazildi. Ilmiy jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar, joylarda yongʻinlarni oldini olishga qaratilgan tadbirlarning samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan choralar natijasida Respublikada 1996 yilda 1995 yilga nisbatan yongʻinlar soni 
4,5 foizga, 1997 yilda 1996 yilga nisbatan 7,5 foizga, 1998 yilda 
1997 yilga nisbatan 8,1 foizga, 1999 yilda esa 1998 yilga nisbatan 
5,2 foizga kamayishiga erishildi. Respublika boʻyicha yongʻin oʻchiruvchilar tomonidan yongʻinlar paytida 722 nafar kishining hayoti saqlab qolindi. Shuningdek, 730 ta turli texnika vositalari, 19,5 milliard soʻmlik bino va inshootlar, 11 milliard soʻmlikdan ortiq moddiy boyliklarning qoʻyib qoʻlga aylanishiga yoʻl qoʻyilmadi.

1997 yil Respublikamizning mustaqillikka erishishi va mamlakatda iqtisodiy-huquqiy islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirila boshlanishi xalq xoʻjaligining bar­cha tarmoqlaridagi kabi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati tizimida ham yangilanish va yuksalish davrini boshlab bergandi. Oʻtgan asrning 90-yillari va yangi asr boshlarida mamlakatda yangi iqtisodiy taraqqiyot yoʻli belgilab olinib, uning amaliyoti uchun zamin hozirlangan edi. Jumladan, Yongʻin xavfsizligi tizimining davr talabiga javob beradigan holatga keltirilishi yoʻlida koʻpgina tashkiliy ishlar oʻz roʻyobini koʻra boshladi. Yaqin oʻtmishda foydalanilib, oʻz umrini oʻtab boʻlgan yongʻin oʻchirish avtomashinalari oʻrniga yangilarining keltirila boshlanishi joylarda sodir boʻlgan yongʻinlarni tezkorlik bilan betalafot bartaraf etilishini taʼminladi. Masalan, 1996-2001 yil­larda Respublikada Ukrainadan 24 dona AS-40 (131) 37 A, Fransiya va Germaniyadan 20 ta “Kamiva” hamda “Mers” yongʻin oʻchirish avtomashinalari, yongʻin oʻchiruvchilarning mu­rakkab va uzoq davom etadigan yongʻinlarda zaharlanib qolishlari oldini olishda foydalaniladigan gaz va tutundan himoyalanish “Drager” apparatlari, gaz niqoblarning olib kelinishi shaxsiy tarkib faoliyatida muhim oʻrin tutdi.

Agar 1991-2001 yillar iqtisodiyotda, ishlab chiqarish va qurilish, qishloq xoʻjaligi kabi tarmoqlarda boshqaruv hamda mulkchilikning yangi shakli vujudga kelgan, eski tuzumdan meros qolgan oʻziboʻlarchilik va boqimandalik munosabatlariga barham berilgan holda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiy mulkchilikni keng yoʻlga qoʻyish, kichik biznes va tadbirkorlik harakatlarini joriy etish, xalq xoʻjaligining kon tomiri hisoblangan gaz va neft sanoatini, avtomobilsozlikni vujudga keltirish va uni jahon andozalariga mos holda rivojlantirish, paxtachilik va gʻallachilikni yuksaltirish kabi oʻta muhim vazifalarning amalga oshirilishi hamda iqtisodiy islohotlarning ijobiy natijalari qoʻlga kiritilgan davrni oʻz ichiga olgan boʻlsa, 2001-2010 yillar boshqa sohalardagi kabi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati tizimidagi huquqiy islohotlarning samarali amalga oshirilish davri sifatida tarixga kirdi. Bu islohotlarning amal­ga oshirilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2001 yil 27 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Respublika Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 25 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida Yongʻin xavfsizligi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qarori muhim ahamiyatga ega boʻldi. Qarorda Yongʻin xavf­sizligi xizmatining tuzilishi va meʼyoriy huquqiy hujjatlarni bugungi kun talabiga keltirilishi, shaxsiy tarkibni malakali va bilimli xodimlar bilan mustahkamlash, shakllantirish, moddiy-texnika bazasini bosqichma-bosqich yaratish kabi vazifalar bel­gilab berilgan edi. Bunda eng avvalo, eskicha boshqaruv tizimi oʻrniga yangicha boshqaruv shakliga ega boʻlinganligi eʼtiborga molik. Islohotgacha amal qilib kelingan Respub­lika IIV Yongʻindan saqlash tizimi tarkibida mavjud shtat doirasida Davlat Yongʻin xavfsizligi xizmati tashkil etildi va uning tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yongʻin xavfsizligi Bosh boshqarmasi (YOXBB), Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV YOXB, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIB Yongʻin xavfsizligi boshqarmalari (YOXB), tuman (shahar) IIB Yongʻin xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinma), Yongʻin xavfsizligi otryadlari (qism) kiritildi. Boshqarmalar, boʻlimlar (boʻlinma), otryadlar (qism) shtat birliklari Respublika IIVning tegishli buyruqlari bilan tasdiqlandi.

Respublika IIV YOXBB boshliqlari, oʻrinbosarlari tayinlandi. Joylardagi kasbiylashtirilgan Yongʻin xavfsizligi qismlari hududlardagi Yongʻin xavfsizligi boʻlimlariga (boʻlinma) boʻysundirildi. Shuningdek, alohida murakkab va uzoq davom etuvchi yongʻinlarni oʻchirish boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan otryadi tashkil etildi va u Respublika IIV YOXBBga boʻysundirilib, maxsus buyruq bilan shtat birliklari
tasdiqlandi.

Boshqaruvning yangicha shakli amalga oshirilib boʻlingach, joylardagi Yongʻin xavfsizligi boʻlinmalarida xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan tadbirlarga eʼtibor kuchaytirildi. Xodimlarning malakasini, ularning yangi davr talablariga koʻra bilimlarini oshirish va mustahkamlash maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2000 yildagi va 2001 yildagi buyruqlari hamda
Respublika IIV YOXBBning 2001 yilgi koʻrsatmalari asosida yil davomida Respublika IIV Yongʻin xavfsizligi Oliy texnik maktabi va Samarqand viloyati IIB YOXB oʻquv markazida kurs tayyorgarligi hamda malaka oshirish mashgʻulotlari olib borildi. Jumladan, Samarqand oʻquv markazida Respublika harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan Yongʻin xavfsizligi xizmatining oddiy va kichik boshliqlari tarkibi bilan kurs
tayyorgarligi hamda malaka oshirish oʻquv yigʻinlari oʻtkazildi. Toshkent shahar Oʻquv markazida ham oʻqishlar tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi IIV YOXOTMda YOXXdagi oʻrta va katta boshliqlar tarkibi malaka oshirdi. Keyingi yillarda ham kurs tayyorgarligi va malaka oshirish ishlari keng yoʻlga qoʻyildi.

Oʻz navbatida boʻlinmalarning Yongʻin oʻchirish amaliy mashq va mashgʻulotlariga ham keng eʼtibor qaratildi. “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasida, Samarqand neft mahsulotlari saqlash ombori va Jizzax don qabul qilish korxonasida oʻtkazilgan taktik mashqlar shaxsiy tarkibning jangovar maxorati oshishida muhim oʻrin tutdi. Bunday taktik mashqlar Toshkent, Buxoro va Fargʻona shaharlaridagi baland qavatli uylar,
binolarda ham olib borildi. Bundan maqsad basharti yongʻin sodir boʻlib qolganda, u qanday bino yoki inshootda boʻlmasin, yongʻin oʻchiruvchilarning shunday vaziyatda tezkorlik va omilkorlik bilan harakatlanishga, vaziyatni toʻgʻri baholab, yongʻinni oʻchirishni tashkil eta bilish salohiyatini oshirishdir.

Sanoat va qurilish ravnaq topib borayotgan bir davrda yongʻinlar oldini olishga, sodir boʻlgan yongʻinlarni esa betalafot bartaraf etishga boʻlgan talab ham oshib bordi. Shaxsiy tarkibning yongʻin paytida yonayotgan buyum, mahsulot (kimyoviy moddalar boʻlishi mumkin), bino va inshootlar ichida gaz va tutundan zaharlanib qolish holatlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadlarida har bir yongʻin oʻchiruvchining shaxsiy himoyalanishi ham muhimdir. Shunga koʻra shaxsiy tarkibni yonish jarayonida atrofga tarqalayotgan zaharli gaz va tutundan himoyalanish vositalari bilan taʼminlash yoʻlida ham bir qadar tadbirlar amalga oshirila borildi. Gaz va tutundan himoyalash xizmati boʻlinmalari tashkil etilib, ular yongʻinlardan odamlarni qutqarish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, yongʻinni oʻchirish va falokatni bartaraf etishda asosiy kuchlardan biri hisoblanadi. GTXXni zarur himoyalash apparatlari, anjomlar bilan taʼminlash darajasi oshirildi.

Oʻsha kezlarda muhim vazifalardan yana biri bu yongʻin oʻchirish qismlaridagi texnika vositalari - yongʻin oʻchirish avtomobillarini jangovar holatga keltirish boʻlgan. Gap shundaki, Respublika IIV YOXBB tasarrufidagi avtotransport vositalarining 67 foizini yongʻin oʻchirish avtomashinalari tashkil etib, ularning koʻplaridan 15 yil va undan
koʻp yillar mobaynida foydalanilib kelingan edi. Mavjud transport vositalarining 17 foizi esa kerakli texnik koʻrikdan oʻtmagandi. Bu va bunga oʻxshash avtotransport vositalari bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun Respublika IIV Yongʻin xavfsizligi xizmati tizimlarida yongʻin oʻchirish avtomobillarini taʼmirlash, ularga 2-texnik xizmat koʻrsatish ishlarini bajarish maqsadida 12 ta texnik xizmat koʻrsatuvchi harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qismlari, bitta post va bitta otryad tashkil etilgandi. Texnika bilan bogʻliq koʻpgina muammolar mana shu xizmatlar orqali hal etila borildi.

Xalq xoʻjaligi maskanlari va aholi turar joylarini yongʻinlardan muhofaza etishni samarali tashkil etilishi sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlar oldini olishda muhimdir. Shunga koʻra, Respublika IIV YOXBBning viloyatlardagi boshqarma va boʻlimlari tomonidan rahbariyatning tegishli buyruq va koʻrsatmalari asosida joylarda yongʻinlar oldini olishga qaratilgan tadbirlarning oʻtkazilib borilishi muntazam yoʻlga qoʻyib borildi.

Islohotlar amalga oshirilishi mobaynida rahbariyatning koʻrsatma va buyruqlariga muvofiq ishlab chiqilgan yillik ish rejalariga asoslanib joylarda yongʻinlarni oldi­ni olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarga jamoatchilikni koʻproq jalb etish, korxonalar va tashkilotlarda, mahallalar va qishloq fuqarolik yigʻinlarida, oʻquv hamda davolash muassasalarida yongʻin oʻchirish avtotransport vo­sitalari, boshqa sohaviy asbob-anjomlar jalb etilgan holda koʻrgazmali tadbirlar oʻtkazilishi faoliyatning muhim tarmogʻiga aylana bordi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respu­blikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan har yili noyabr-dekabr oylarida mamlakat miqyosida oʻtkazilib kelingan “Yongʻin xavfsizligi oyligi” tadbirida jamoatchilikning faol ishtiroki taʼminlanib borilganligi tufayli respublika boʻyicha olib qaralganda sodir boʻlgan yongʻinlar soni kamaya bordi. Masalan, 2006 yilda 2005 yilga nisbatan yongʻin sodir boʻlish xodisasi 1,8 foizga, 2008 yilda esa 2007 yilga nisbatan 2,1 foizga, 2010 yilda esa 2009 yilga nisbatan 2,0 foizga kamaydi. Albatta, sodir boʻlgan yongʻinlar sabablari va jabhalari mutaxassislar tomonidan oʻrganilib, taxlil etila borildi. Taxlillar yongʻinlar oldini olish va yongʻin xavfsizligi qoida talablarining toʻla ustuvorligini taʼminlash yoʻnalishida hali koʻp ishlar qilinishi lozimligini, jamoatchilik oʻrtasida targʻibot ishlari yanada jonlantirilishi zarurligini koʻrsatdi.

Xizmat jarayoni taxlillari 2005-2009 yillar davomida xalq xoʻjaligi maskanlarida, shuningdek aholi turar joylarida yongʻinlar oldini olishdagi muhim muammoli masalalarni hal qiluvchi yirik tadbirlar oʻtkazilgan davr boʻlganligini koʻrsatdi. Oʻsha yillarda nafaqat mamlakat miqyosida, balki xalqaro miqyosda yirik anjumanlar ham tashkil etilib, ularning bosh tashkilotchisi va tashabbuskori Oʻzbekiston Respublika­si IIV Yongʻin xavfsizligi Bosh boshqarmasi boʻlganligi islohotlar natijasida soha tarmoqlari jahon andozalariga mos texnologiyalar asoslarida ish olib boradigan, yongʻinlarning kelib chiqish omillarini ilmiy jihatdan taxlil etib bera oladigan salohiyatga yetganligidan dalolatdir.

2005-2009 yillarda Respublika IIV Yon

09.10.2018
136
Kalendar
Сентябрь 2017
Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
So'rovnomalar
Qanday mavzulardagi yangiliklar sizni boshqalardan ko‘ra ko‘proq qiziqtiradi?
  • Sodir bo'lgan yong'inlar haqida ma'lumotlar
  • Jinoyatchilikka oid yangiliklar
  • IIV yangiliklari
  • Xalqaro hamkorlik
  • Menga baribir

Yong‘in bolalar nigohida
This is Photoshop's version of Lorem Ipsum. Proin gravida nibh vel velit auctor aliquet. Aenean sollicitudin, lorem quis bibendum auctor, nisi elit consequat ipsum, nec sagittis sem nibh id elit. Duis sed odio sit amet nibh vulputate cursus a